IPK · 292-modda

292-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish

Kassatsiya shikoyati (protesti) sudya tomonidan quyidagi hollarda qaytariladi, agar:

1) kassatsiya shikoyati (protesti) imzolanmagan boʻlsa yoxud uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoki mansab mavqeyi yoki familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;

2) kassatsiya shikoyatining (protestining) shakliga va mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksning 286-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan yoki kassatsiya shikoyatiga (protestiga) ushbu Kodeks 288-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar yoxud prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha protestga ushbu Kodeks 282-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar murojaatining koʻchirma nusxasi ilova qilinmagan boʻlsa, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ishlar mustasno;

3) kassatsiya shikoyatiga (protestiga) uning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligiga doir dalillar ilova qilinmagan boʻlsa;

4) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar kassatsiya shikoyatiga ilova qilinmagan boʻlsa, qonunda davlat bojini toʻlash muddatini kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa, bu haqda iltimosnoma mavjud boʻlmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan boʻlsa;

5) kassatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma mavjud boʻlmasa;

6) kassatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida sud ajrimi chiqarilguniga qadar shikoyatni (protestni) bergan shaxsdan uni qaytarib olish (chaqirib olish) toʻgʻrisida ariza tushgan boʻlsa;

7) kassatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab oʻtgan holda yuborilgan boʻlsa.

Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish asoslari koʻrsatiladi, kassatsiya shikoyatini berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish toʻgʻrisidagi masala hal etiladi.

Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin.

Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimning koʻchirma nusxasi shikoyatni (protestni) bergan shaxsga shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga yuboriladi.

Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, kassatsiya shikoyati (protesti) dastlab sudga murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.