# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 303-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/303 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi. Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatiladi: 1) kassatsiya instansiyasi sudining nomi, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisining kotibi; 2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy; 3) kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati; 4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessi boshqa ishtirokchilarining nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi); 5) nizo predmeti; 6) hal qiluv qarori qabul qilingan sana, uni qabul qilgan sudyalarning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari; 7) ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni; 8) kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan hal qiluv qarorining qonuniyligini va asoslantirilganligini tekshirish toʻgʻrisida talab bildirilishiga doir asoslar; 9) kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar; 10) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari; 11) kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan ish holatlari; sudning ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalari uchun asos boʻlgan dalillar; sud qaror qabul qilishda amal qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar; sudning u yoki bu dalillarni rad etishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar havola qilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllamaganligiga doir sabablar; 12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori toʻliq yoki qisman bekor qilingan boʻlsa, uning xulosalariga kassatsiya instansiyasi sudi qoʻshilmaganligining sabablari; 13) kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar. Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatiladi. Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 188-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)