# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 37-modda. Alohida sudlovga tegishlilik > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/37 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvolar, koʻchmas mulk haqidagi nizolar, shu jumladan koʻchmas mulkni boshqa shaxsning gʻayriqonuniy egaligidan talab qilib olish toʻgʻrisidagi yoxud mulkdorning yoki mol-mulkning boshqa qonuniy egasining huquqlari egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan holda buzilishini bartaraf etish haqidagi va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi boshqa daʼvolar koʻchmas mulk joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi. Tashuvchiga nisbatan yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashish shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar, shu jumladan, agar javobgarlardan biri tashuvchi boʻlsa, transport tashkilotining organi joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudi joylashgan yerdagi iqtisodiy sudga beriladi. Hakamlik sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoki qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi yoxud agar qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtgan joy nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi. Arbitrni tayinlash, arbitrni rad etishni qanoatlantirish, arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususida qaror qabul qilish, arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish, dalillarni olishga koʻmaklashish, shuningdek arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza arbitraj joylashgan yerdagi iqtisodiy sudga beriladi. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza mediativ kelishuvni ixtiyoriy ravishda bajarmagan taraf davlat roʻyxatidan oʻtgan joydagi yoki, agar u davlat roʻyxatidan oʻtgan joy nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi. Taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish, arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza arbitraj joylashgan yerdagi yoki qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi yoxud, agar qarzdor davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joy nomaʼlum boʻlsa, uning mol-mulki turgan joydagi iqtisodiy sudga beriladi. Korporativ nizolar boʻyicha daʼvolar ushbu Kodeksning 30-moddasida koʻrsatilgan yuridik shaxs joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi. Qarshi daʼvolar dastlabki daʼvo koʻrilayotgan joydagi sudga taqdim etiladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)