# Iqtisodiy protsessual kodeksi — 93-modda. Daʼvoni taʼminlash asoslari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/IPK/93 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasi daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish uchun asos boʻladi. Daʼvoni taʼminlashga, agar shunday choralarni koʻrmaslik sud hujjatining ijrosini qiyinlashtirishi yoxud bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin boʻlsa, iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida yoʻl qoʻyiladi. Davlat foydasiga mulkiy undirish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud daʼvogarning arizasiga koʻra daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi shart. Davlat organining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunga zid hujjati qabul qilinganligi yoxud ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunga zid harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi natijasida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvoni koʻrishda sud daʼvogarning arizasi boʻyicha daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi shart. Hakamlik sudida koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha daʼvoni taʼminlash choralari hakamlik muhokamasi tarafining arizasiga koʻra iqtisodiy sud tomonidan koʻrilishi mumkin. Arbitraj sudida koʻrilayotgan daʼvoni taʼminlash choralari arbitraj muhokamasi tarafining arizasiga koʻra iqtisodiy sud tomonidan koʻrilishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/IPK)