# Jinoyat-ijroiya kodeksi — 15-modda. Boshqa jinoyat-huquqiy taʼsir choralarini ijro etuvchi muassasalar va organlar > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JIK/15 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Shartli hukm qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat ichki ishlar organlari, harbiy xizmatchilarga nisbatan esa — ular xizmatni oʻtayotgan joydagi harbiy qismlar (muassasalar) qoʻmondonligi tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari: ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan — sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan; alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan yoxud ruhiy holati aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda buzilgan mahkumlarga nisbatan — sogʻliqni saqlash organlarining tibbiy muassasalari tomonidan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda esa, jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami koʻrsatish boʻlimlarida hamda mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan shifoxonada. Voyaga yetmaganlarga nisbatan majburlov choralari: jabrlanuvchidan uzr soʻrash, yetkazilgan zararni toʻlash yoki bartaraf etish majburiyatini yuklash — sud tomonidan; maxsus oʻquv-tarbiya muassasasiga joylashtirish — xalq taʼlimi organlari tomonidan ijro etiladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JIK)