# Jinoyat-ijroiya kodeksi — 9-modda. Mahkumlarning asosiy huquqlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JIK/9 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Mahkumlar quyidagi huquqlarga ega: jazoni oʻtash tartibi va shartlari toʻgʻrisida, oʻz huquqlari va majburiyatlari haqida axborot olish; jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ maʼmuriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga oʻz ona tilida yoki boshqa tilda taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat etish; oʻz taklif, ariza va shikoyatlariga murojaat etilgan tilda javob olish. Murojaat etilgan tilda javob berishning iloji boʻlmagan taqdirda javob Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida beriladi. Javobni intizomiy qismga joʻnatish va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs murojaat etgan tilga tarjima qilib berish jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ tomonidan taʼminlanadi; Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish; tushuntirish berish hamda yozishmalar olib borish, zarur hollarda tarjimonning shu jumladan surdotarjimonning xizmatidan foydalanish; oʻquv, badiiy va boshqa xil axborot materiallaridan foydalanish; sogʻligʻini saqlash, shu jumladan tibbiy xulosaga koʻra ambulatoriya-poliklinika va statsionar sharoitda tibbiy yordam olish; ob-havo sharoiti yoʻl qoʻysa, ishdan boʻsh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish; jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat koʻrsatish xodimlari tomonidan koʻrsatiladigan psixologik yordamni olish. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning psixologik yordam koʻrsatish bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega boʻlish, dam olish, taʼtilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq toʻlanishi; ijtimoiy taʼminot, shu jumladan qonunchilikka muvofiq pensiya olish. Mahkum ajnabiy fuqarolar shuningdek oʻz davlatlarining diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan, Oʻzbekiston Respublikasida diplomatiya va konsullik muassasalari boʻlmagan mamlakatlarning fuqarolari esa, ularning manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmasiga olgan davlatning diplomatiya vakolatxonalari bilan aloqa qilib turish huquqiga ega. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etish huquqiga ega. Agar ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etish huquqidan qonunga muvofiq va sudning hukmi asosida mahrum etilgan boʻlmasa, ular ushbu saylovlarda va referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻladi. Mahkumlarning huquqlarini roʻyobga chiqarish tartibi ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik bilan belgilanadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JIK)