JK · 119-modda

119-modda. Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish

Zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, —

besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakatlar:

a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;

b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 121, 128 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;

v) bir guruh shaxslar tomonidan;

g) oʻldirish bilan qoʻrqitib;

d) nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —

sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan;

b) yaqin qarindoshiga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan;

v) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan;

g) ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi tomonidan;

d) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;

e) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, —

oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan harakatlar oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —

oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.