# Jinoyat kodeksi — 119-modda. Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JK/119 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakatlar: a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 118, 121, 128 va (yoki) 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; v) bir guruh shaxslar tomonidan; g) oʻldirish bilan qoʻrqitib; d) nogironlik belgisiga ega ekanligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, — sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar: a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan; b) yaqin qarindoshiga, sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan; v) jabrlanuvchini tarbiyalash, oʻqitish va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan; g) ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi tomonidan; d) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa; e) ogʻir oqibatlarga olib kelgan boʻlsa, — oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan harakatlar oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, — oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JK)