JK · 126-1-modda

126-1-modda. Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sogʻligʻining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsni doʻpposlash, ushbu shaxslarga sogʻliqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, oʻsha harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga sogʻliqning qisqa vaqt, yaʼni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan koʻp boʻlmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqolishiga sabab boʻlgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, —

bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlmagan va ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sogʻliqning uzoq vaqt, yaʼni kamida yigirma bir kun, ammo toʻrt oydan koʻp boʻlmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining oʻn foizidan oʻttiz uch foizigacha yoʻqolishiga sabab boʻlgan qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, —

uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;

b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;

v) oʻta shafqatsizlik bilan;

g) gʻarazli niyatlarda;

d) diniy taassublar zamirida;

e) bir guruh shaxslar tomonidan;

j) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97, 104 va (yoki) 105-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;

z) oʻta xavfli retsidivist tomonidan;

i) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —

uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish natijasida koʻrish, soʻzlash, eshitish qobiliyatini yoʻqotishga yoxud biron aʼzoning ishdan chiqishiga yoki uning funksiyalari tamoman yoʻqolishiga, ruhiy holatning buzilishiga yoki sogʻliqning boshqacha tarzda yomonlashuviga, umumiy mehnat qobiliyatining oʻttiz uch foizidan kam boʻlmagan qismining yoʻqolishiga yoki homilaning tushishiga yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab boʻlsa, —

besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;

b) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;

v) oʻta shafqatsizlik bilan;

g) gʻarazli niyatlarda;

d) diniy taassublar zamirida;

e) bir guruh shaxslar tomonidan;

j) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan boʻlsa, —

yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;

b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97 va (yoki) 104-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;

v) oʻta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa;

g) jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa, —

oʻn yildan oʻn ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.