# Jinoyat kodeksi — 247-modda. Oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JK/247 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini oʻgʻrilik yoki firibgarlik yoʻli bilan egallash — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) takroran; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) oʻzlashtirish, rastrata qilish yoxud mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan; g) talonchilik; d) tamagirlik yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, — besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha harakat: a) bosqinchilik yoʻli bilan; b) oʻta xavfli retsidivist tomonidan; v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, — oʻn yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JK)