Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) koʻp miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) juda koʻp miqdorda;
b) xizmat mavqeyidan foydalangan holda;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.