# Jinoyat-protsessual kodeksi — 225-modda. Ushlab turish bayonnomasini tuzish va ushlab turishning asosliligini tekshirish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JPK/225 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ushlab turilgan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan soʻng huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi ushlab turish bayonnomasini boshliqning koʻrsatmasiga binoan darhol tuzishi, unda quyidagilarni koʻrsatishi kerak: 1) bayonnoma tuzilgan joy va vaqtni; 2) ushbu shaxsning kimligi, kim tomonidan, qachon, qanday holatlarda, qonunda koʻrsatilgan qanday asoslarga koʻra ushlanganligini; 3) ushlangan shaxs qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligini; 4) ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga qaysi vaqtda olib kelinganligini; 5) shaxsiy tintuv qilish va olib qoʻyish natijalarini (ular oʻtkazilgan boʻlsa); 6) ushlashning videoyozuv orqali qayd etilganligi (u oʻtkazilgan boʻlsa), ushlangan shaxsning videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek shaxsni ushlash vaqtida foydalanilgan vositalarning texnik xususiyatlarini. Bayonnomani ushlab turishning asosliligini tekshirish vazifasi topshirilgan ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi, ushlab keltirgan vakolatli shaxs yoki fuqaro, ushlangan shaxs va xolislar imzo chekib, tasdiqlaydi. Ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organning xodimi amalga oshirilgan ushlab turish haqida ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan eʼtiboran oʻn ikki soat ichida prokurorga yozma shaklda xabar berishi shart. Ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish, hujjatlarni talab qilish va koʻzdan kechirish ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay oʻtkazilishi lozim. Ushlab turishga asos boʻlmagan taqdirda, ichki ishlar organi boʻlinmasining boshligʻi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlanganni ozod qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi. Qarorning nusxasi darhol prokurorga yuboriladi. Shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat joyida ushlash bilan bogʻliq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan paytdan boshlab u bilan bogʻliq protsessual harakatlar amalga oshirilguniga qadar uning himoyachi bilan xoli uchrashishi taʼminlanadi. Bu haqda bayonnoma tuziladi. Ushlab turish, jinoyat ishi qoʻzgʻatish, ishda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorlar darhol gumon qilinuvchiga eʼlon qilinadi, ayni vaqtda unga ushbu Kodeksning 48-moddasida nazarda tutilgan huquqlari tushuntiriladi va tanlangan yoki tayinlangan himoyachiga tanishib chiqish uchun taqdim etiladi. Qaror bilan tanishtirilgani va huquqlari tushuntirilgani qarorda qayd etilib, vakolatli shaxs va ushlangan shaxs tomonidan imzolanib, tasdiqlanadi. Bunda ushlangan shaxs ushlab keltirilgan paytdan boshlab yigirma toʻrt soatdan kechiktirilmay soʻroq qilinishi lozim. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JPK)