JPK · 243-1-modda

243-1-modda. Uy qamogʻi boʻyicha belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) bekor qilish yoki oʻzgartirish yoxud qoʻshimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash tartibi

Uy qamogʻi boʻyicha taqiqlar (cheklovlar) asoslar mavjud boʻlganda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan qisman bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.

Ushbu Kodeks 242-1-moddasining beshinchi qismi doirasidagi uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiqlar (cheklovlar) prokurorning yoki prokurorning roziligi bilan surishtiruvchining yoxud tergovchining iltimosnomasiga koʻra sudyaning ajrimi asosida belgilanishi mumkin.

Uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnoma ushbu Kodeks 243-moddasining beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli sudning sudyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

Uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u qoʻshimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash zarurligini asoslab beradi. Shundan soʻng gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.

Sud gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:

qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash haqida;

qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilashni rad qilish toʻgʻrisida.

Sudyaning uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash haqidagi yoki qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilashni rad qilish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim. Sudyaning ajrimi ijro etish uchun prokurorga, maʼlumot uchun esa — gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va himoyachiga yuboriladi. Sudyaning ajrimi ustidan ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi, protest bildirilishi mumkin.

Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestni koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:

1) sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmay qoldirishga;

2) sudyaning ajrimini bekor qilishga va gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilashga;

3) sudyaning gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilishga haqli.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.