JPK · 318-modda

318-modda. Protsessual chiqimlar

Protsessual chiqimlar:

1) jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, xolislarga ularning protsessual harakatlar oʻtkaziladigan joyga kelib ketish, turar joyni ijaraga olish xarajatlarini qoplash uchun, shuningdek sutkalik xarajat puli tariqasida beriladigan summadan;

2) doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashgʻulotidan chalgʻitganlik uchun toʻlanadigan summadan;

3) ekspertlarga, tarjimonlarga, mutaxassislarga ular surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun toʻlanadigan haqdan, ana shu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;

4) ushbu Kodeksning 50-moddasiga muvofiq sudlanuvchi toʻlovdan ozod qilingan taqdirda yuridik yordam koʻrsatganlik uchun himoyachiga toʻlanadigan haqdan;

5) ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlar summasidan;

6) ekspertiza muassasalarida ekspertiza oʻtkazish uchun sarflangan summadan;

7) shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan;

7-1) surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisini videokonferensaloqadan foydalangan holda oʻtkazish chogʻida qilingan xarajatlardan;

8) jinoyat ishini yuritishda qilingan boshqa xarajatlardan iborat boʻladi.

Ushbu moddaning 1, 2, 3, 4 va 7-1-bandlarida koʻrsatilgan summalar surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga muvofiq budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.