# Jinoyat-protsessual kodeksi — 497-17-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishini koʻrish tartibi > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JPK/497-17 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Apellyatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishi birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha, ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalar inobatga olingan holda koʻriladi. Raislik qiluvchi sud majlisini ochadi hamda qanday jinoyat ishi va kimning apellyatsiya shikoyati, protesti boʻyicha koʻrilishini eʼlon qiladi. Raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining va, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning familiyasi, ismini va otasining ismini maʼlum qiladi. Apellyatsiya instansiyasi sudi majlisining joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi jinoyat ishini koʻrishga monelik qilmaydi, bundan sud majlisida ishtirok etishi shart boʻlgan shaxslar mustasno. Raislik qiluvchi hozir boʻlgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar va iltimosnomalar bor-yoʻqligini, apellyatsiya shikoyatida, protestida bayon etilgan iltimoslarni quvvatlashini yoki quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimoslar mavjud boʻlganda sud ular boʻyicha ajrim chiqaradi. Sud muhokamasi sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi. U birinchi instansiya sudi hukmining yoki ajrimining mazmunini, apellyatsiya shikoyatining, protestining mazmunini va unga qarshi eʼtirozlarning mohiyatini qisqacha bayon etadi. Raislik qiluvchi apellyatsiya shikoyati bergan shaxsga, apellyatsiya shikoyati va protesti kimga nisbatan berilgan boʻlsa oʻsha shaxsga, ularning himoyachilari va vakillariga, soʻngra esa prokurorga soʻz beradi. Ish boʻyicha bir nechta shikoyat mavjud boʻlgan taqdirda, soʻzga chiqish navbati sud tomonidan taraflarning fikri inobatga olingan holda belgilanadi. Agar berilgan apellyatsiya shikoyatlari orasida prokurorning apellyatsiya protesti boʻlsa, soʻz birinchi navbatda unga beriladi. Sud taraflarning soʻzlarini eshitib, hukmning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini lozim darajada tekshirib koʻrishni taʼminlash zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshiriladigan dalillar hajmini aniqlash toʻgʻrisida; sud majlisiga sudlanuvchini, jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlar va zarurat boʻlsa, boshqa shaxslarni chaqirish haqida; sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini saqlab qolish, tanlash, bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Shundan keyin sud sud majlisiga chaqirilgan sudlanuvchini, guvohlarni, jabrlanuvchilarni soʻroq qilish yoʻli bilan dalillarni tekshirishga, shuningdek taraflarning iltimosi boʻyicha hamda oʻzining tashabbusi bilan hujjatlarni, bayonnomalarni va ishga oid boshqa materiallarni oʻqib eshittirishga kirishadi. Dalillarni tekshirish tartibi taraflarning fikrlari inobatga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Taraflar apellyatsiya instansiyasi sudiga apellyatsiya shikoyatida, protestida keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki inkor etib, qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli. Birinchi instansiya sudida soʻroq qilingan guvohlar, agar sud buni zarur deb topsa, apellyatsiya instansiyasi sudida soʻroq qilinadilar. Taraflarning dalillarni, shu jumladan birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirish toʻgʻrisidagi va sud majlisiga guvohlar, ekspertlarni hamda boshqa shaxslarni chaqirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari ushbu Kodeks 438-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi. Bunda sud iltimosnomani qanoatlantirishni faqat u birinchi instansiya sudi tomonidan qanoatlantirilmaganligiga asoslanib rad etishga haqli emas. Birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) sud tomonidan qabul qilinadi, bunda ularni tekshirish toʻgʻrisida iltimosnoma bergan shaxs oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bu dalillarni birinchi instansiya sudiga taqdim etishga imkoniyati boʻlmaganligini asoslab berishi kerak. Apellyatsiya instansiyasi sudi dalillarni videokonferensaloqa tizimlaridan foydalangan holda tekshirishga haqli. Sud tergovi tugallangach, sud taraflardan sud tergoviga qoʻshimcha qilish yuzasidan iltimoslari bor-yoʻqligini surishtiradi. Sud bu iltimoslarni hal etadi va shundan keyin taraflarning muzokaralariga oʻtadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JPK)