# Jinoyat-protsessual kodeksi — 497-26-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining vakolatlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JPK/497-26 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Apellyatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini koʻrish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) hukmni oʻzgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini, protestini esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida; 2) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmini chiqarish toʻgʻrisida; 3) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida; 4) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida; 5) hukmni bekor qilish va jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida; 6) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda, sudning ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida; 7) hukmni oʻzgartirish toʻgʻrisida; 8) shikoyat, protest qaytarib olingan hollarda, apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida. Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida, 5 — 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi. Ushbu modda birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya hukmini chiqaradi. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorini eʼlon qilish ushbu Kodeksning 473-moddasi qoidalariga koʻra amalga oshiriladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JPK)