Qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin:
1) jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga;
2) hududiy harbiy sudlarning hukmlari, ajrimlari ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmlari, ajrimlari ustidan — ayni shu sudlarga.
Kassatsiya shikoyatlari va protestlari hukmni, ajrimni chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita kassatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, sud uni hukmni, ajrimni chiqargan sudga ushbu Kodeksning 479-moddasida nazarda tutilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.