Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati jinoyat ishini taftish tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudining hukmini, ajrimini oʻzgarishsiz, taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida;
2) ayrim sud qarorlarini bekor qilish va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud qarorlaridan birini oʻz kuchida qoldirish toʻgʻrisida;
3) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ayblov yoki oqlov hukmi chiqarish toʻgʻrisida;
4) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
5) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida;
6) birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining hukmini, ajrimini oʻzgartirish toʻgʻrisida;
7) shikoyat (protest) qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibidagi ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida.
Ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida, 4 — 7-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ishni taftish tartibida koʻruvchi sud ajrim chiqaradi.
Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda ishni taftish tartibida koʻruvchi sud hukm chiqaradi.
Jinoyat ishini taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati ushbu Kodeksning 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek tegishli mansabdor shaxslarning eʼtiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga qaratish zarur boʻlgan taqdirda xususiy ajrim chiqaradi.