JPK · 542-modda

542-modda. Hukmni, ajrimni va qarorni ijro etish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish tartibi

Hukmni, ajrimni va qarorni ijro etish toʻgʻrisidagi masalalar sudya tomonidan prokuror hamda mahkum ishtirokida, ushbu Kodeks 613-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa mahkum yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxs ishtirokisiz sud majlisida hal qilinadi. Mahkumning ushbu Kodeks 532-moddasida nazarda tutilgan huquqlari taʼminlanadi. Sudya voyaga yetmagan, shuningdek jismoniy nuqsonlari boʻlgan yoki ruhiy holati buzilgan mahkumlarga doir hukmlarni ijro etish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqayotganida himoyachi ishtirok etishi shart.

Jazoni ijro etish muassasasi hududini yoki maʼmuriyatning yoʻllanmasi boʻyicha oʻzi turishi lozim boʻlgan boshqa joyni oʻzboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumni manzil-koloniyadan boshqa tartibli koloniyaga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala prokurorning iltimosnomasiga binoan koʻrib chiqiladi. Mahkumning sudda hozir boʻlishini taʼminlash imkoniyati boʻlmagan taqdirda mazkur masala sud tomonidan mahkumning ishtirokisiz koʻrib chiqiladi. Bunda mahkumni qamoqqa olish va unga nisbatan qidiruv eʼlon qilish haqidagi masala sud tomonidan hal qilinishi kerak.

Jarima jazosiga, axloq tuzatish ishlariga yoki ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jarima jazosini, axloq tuzatish ishlarini va ozodlikni cheklashni jazoning boshqa turlari bilan almashtirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilishi uchun sudga uzrsiz sabablarga koʻra kelmagan taqdirda, jazoni ijro etuvchi organning taqdimnomasi mahkum yoʻqligida koʻrib chiqilishi mumkin. Jarima, majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan, shuningdek ozodlikni cheklash ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan taqdirda sud mahkumga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash va qidiruv eʼlon qilish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishi kerak.

Agar masala hukmning fuqaroviy daʼvo toʻgʻrisidagi qismini ijro etishga taalluqli boʻlsa, sud majlisiga fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar yoki ularning vakillari ham chaqiriladi. Mazkur shaxslarning sud majlisiga kelmay qolishi ishni koʻrishni toʻxtatib qoʻymaydi.

Mahkumni kasalligi, nogironligi sababli jazoni oʻtashdan ozod etish toʻgʻrisidagi, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish toʻgʻrisidagi, jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish toʻgʻrisidagi, jazoning shartliligini bekor qilish toʻgʻrisidagi, bir jazoni oʻtash koloniyasidan boshqa tartibli koloniyaga oʻtkazish toʻgʻrisidagi, tarbiya koloniyasidan jazoni ijro etish koloniyasiga, jazoni ijro etish koloniyasidan turmaga va turmadan jazoni ijro etish koloniyasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi, maxsus tartibli jazoni oʻtash koloniyasidan qattiq tartibli jazoni oʻtash koloniyasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi, axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni mahkumning mehnat stajiga qoʻshish, shuningdek mahkumlarga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi masalalar mahkum jazoni oʻtab turgan joydagi tuman (shahar) sudining ajrimi bilan hal etiladi.

Ish jazoning ijrosini amalga oshiruvchi muassasa hamda bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning birgalikdagi taqdimnomasiga binoan koʻrib chiqiladigan hollarda sudya mazkur komissiyani iltimosnoma koʻriladigan vaqt va joy haqida xabardor qiladi.

Boshqa mahkumlarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsatish maqsadida muddatidan ilgari shartli ozod etish haqidagi taqdimnoma sudya tomonidan jazoni ijro etish koloniyasida yoki tarbiya koloniyasida koʻrib chiqilishi mumkin.

Ishni koʻrish taqdimnoma yoki iltimosnomani oʻqib eshittirishdan boshlanadi, keyin sudya taqdim etilgan materiallarni tekshiradi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning fikrlarini eshitadi. Oxirida mahkum yoki uning himoyachisiga soʻz beriladi. Soʻngra sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.