# Jinoyat-protsessual kodeksi — 605-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan shaxsni ushlab berish uchun ushlab turish va qamoqqa olish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JPK/605 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan shaxsni ushlab berish toʻgʻrisida xorijiy davlatning vakolatli organidan tegishli tarzda rasmiylashtirilgan soʻrov olinganda va mazkur shaxsni ushlab berish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, ushbu shaxs ushlab turilishi va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilishi mumkin. Xorijiy davlat vakolatli organining iltimosnomasiga binoan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan shaxsni ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrov olinguniga qadar ham ushlab turilishi mumkin. Iltimosnomada qamoqqa olish toʻgʻrisidagi qarorga yoki qonuniy kuchga kirgan hukmga havola va mazkur soʻrov qoʻshimcha ravishda taqdim etilishi koʻrsatilishi kerak. Shaxsni qamoqqa olish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ushbu soʻrov yuborilguniga qadar pochta, telegraf, teleks, faks yoki boshqa aloqa vositalari orqali yetkazilishi mumkin. Shaxs, agar u boshqa davlat hududida uni ushlab berishga sabab boʻladigan jinoyat sodir etgan deb gumon qilish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlsa, ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan iltimosnomasiz ham yetmish ikki soatgacha ushlab turilishi mumkin. Shaxs ushlanganidan keyin ichki ishlar organlarining yoki boshqa surishtiruv organlarining xodimlari olingan materiallarni prokurorga taqdim etadi, u materiallarni oʻrganib chiqadi va ushlab turilgan shaxsning qidiruv eʼlon qilingan shaxs ekanligi toʻgʻrisida yetarli asoslar mavjud boʻlgan, shuningdek ushbu Kodeksning 603-moddasida bayon qilingan asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi va uni sudga yuboradi. Prokurorning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi, uning sudya tomonidan koʻrib chiqilishi, ajrim chiqarilishi, shuningdek sudyaning ajrimi ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish ushbu Kodeksning 241 va 243-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Shaxs qamoqqa olinganligi toʻgʻrisida prokuror Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan shaxsni qamoqqa olish haqida iltimosnoma yoki ushlab berish toʻgʻrisida soʻrov yuborgan yoxud yuborishi mumkin boʻlgan xorijiy davlatning vakolatli organini darhol yozma ravishda xabardor qiladi. Oʻziga nisbatan ushlab berish toʻgʻrisidagi masala koʻrilayotgan shaxsni qamoqda saqlab turish muddati koʻpi bilan uch oyni tashkil etadi. Mazkur muddat ushlab beriladigan shaxsning topshirilishini taʼminlash maqsadida, shuningdek xorijiy davlatning vakolatli organidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan shaxsni ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrov yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlar talab qilingan hollarda ushbu Kodeksning 245-moddasi ikkinchi qismida va 247-moddasida nazarda tutilgan tartibda uzaytirilishi mumkin. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi yoki qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda sud taqdim etilgan materiallarning asosliligini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalari talablariga rioya etilganligini hisobga oladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JPK)