Ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarni berish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin, agar:
1) shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishiga yoki unga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilishiga sabab boʻlgan qilmishlarning hech biri u fuqarosi boʻlgan davlatning yoki doimiy yashash joyidagi davlatning qonunchiligiga koʻra jinoyat deb eʼtirof etilmasa;
2) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni berish toʻgʻrisida mazkur davlat bilan kelishuvga erishilmagan boʻlsa;
3) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni berish Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa;
4) ozodlikdan mahrum etilgan shaxs yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxs hukmni ijro etuvchi davlatning fuqarosi boʻlmasa;
5) xorijiy davlatda jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketganligi oqibatida yoki ushbu davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra jazoni ijro etish mumkin boʻlmasa;
6) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni berish toʻgʻrisidagi soʻrov olingan paytda ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtalmay qolgan qismi olti oydan kam boʻlsa;
7) xorijiy davlatning qonunchiligida xuddi shunday tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi nazarda tutilmagan boʻlsa;
8) xorijiy davlatda zaruriy davolanishni va tegishli maxsus tibbiy choralarni taʼminlash imkoni mavjud boʻlmasa;
9) Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.