# Jinoyat-protsessual kodeksi — 621-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun, shuningdek oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun xorijiy davlatga berishni rad etish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/JPK/621 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarni berish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin, agar: 1) shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishiga yoki unga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilishiga sabab boʻlgan qilmishlarning hech biri u fuqarosi boʻlgan davlatning yoki doimiy yashash joyidagi davlatning qonunchiligiga koʻra jinoyat deb eʼtirof etilmasa; 2) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni berish toʻgʻrisida mazkur davlat bilan kelishuvga erishilmagan boʻlsa; 3) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni berish Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa; 4) ozodlikdan mahrum etilgan shaxs yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxs hukmni ijro etuvchi davlatning fuqarosi boʻlmasa; 5) xorijiy davlatda jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketganligi oqibatida yoki ushbu davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra jazoni ijro etish mumkin boʻlmasa; 6) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni berish toʻgʻrisidagi soʻrov olingan paytda ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtalmay qolgan qismi olti oydan kam boʻlsa; 7) xorijiy davlatning qonunchiligida xuddi shunday tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi nazarda tutilmagan boʻlsa; 8) xorijiy davlatda zaruriy davolanishni va tegishli maxsus tibbiy choralarni taʼminlash imkoni mavjud boʻlmasa; 9) Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/JPK)