# O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — 127-modda > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/KONS/127 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. **bo'lim:** BESHINCHI BOʻLIM. DAVLAT HOKIMIYATINING TASHKIL ETILISHI **bob:** XXI bob. Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari Shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning yigʻinlari oʻzini oʻzi boshqarish organlari boʻlib, ular raisni saylaydi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli. Davlat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashadi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari saylovi tartibi, ularning faoliyatini tashkil etish va vakolatlari qonun bilan belgilanadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/KONS)