MJK · 281-modda

281-modda. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaning mazmuni

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomada: shu bayonnoma tuzilgan sana va joy, bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi; huquqbuzarning shaxsiga oid maʼlumotlar; maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va bu huquqbuzarlikning mohiyati, ana shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat; agar guvohlar va jabrlanuvchilar boʻlsa, ularning familiyalari va yashash manzillari; huquqbuzarning tushuntirishi; ishni hal qilish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi. Basharti huquqbuzarlik tufayli moddiy zarar yetkazilgan boʻlsa, bu ham bayonnomada koʻrsatiladi.

Bayonnoma uni tuzgan shaxs va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan imzolanadi; guvohlar va jabrlanuvchilar boʻlgan taqdirda esa — bayonnoma mazkur shaxslar tomonidan ham imzolanadi.

Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bayonnomaga bu haqda yozib qoʻyiladi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bayonnomaning mazmuni yuzasidan bayonnomaga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalarini berishga, shuningdek mazkur bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortish sabablarini bayon etishga haqlidir.

Bayonnomani tuzish vaqtida huquqbuzarga ushbu Kodeksning 294-moddasida nazarda tutilgan uning huquq va burchlari tushuntiriladi va bu xususda bayonnomaga yozib qoʻyiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.