Maʼmuriy javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) gʻayrihuquqiy harakatlarni toʻxtatish vakolati bor shaxslar tomonidan qoʻyilgan talabga qaramay, bunday harakatlarni davom ettirish;
2) maʼmuriy jazo chorasiga tortilgan shaxsning bir yil mobaynida yana oʻsha xildagi huquqbuzarlikni sodir etishi, xuddi shuningdek huquqbuzarlikning ilgari sudlangan shaxs tomonidan sodir etilishi;
3) voyaga yetmagan shaxsni huquqbuzarlikka tortish;
4) huquqbuzarlikning bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi;
5) huquqbuzarlikning tabiiy ofat sharoitida yoki boshqa favqulodda holatlarda sodir etilishi;
6) huquqbuzarlikning mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida sodir etilishi. Maʼmuriy jazo chorasini qoʻllanuvchi organ (mansabdor shaxs) sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlikning xususiyatiga qarab mazkur holatni aybni ogʻirlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin.