MJK · 324-1-modda

324-1-modda. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish tartibi

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli. Apellyatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxslar oʻz vajlarini tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.

Apellyatsiya shikoyatining (protestining) nusxasi bir sutka ichida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan oʻziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxsga, jabrlanuvchiga, ularning qonuniy vakillariga, advokatga, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga yuboriladi. Koʻrsatilgan shaxslar ish bilan, shu jumladan qoʻshimcha materiallar bilan tanishishga, shuningdek sudga oʻz eʼtirozlarini taqdim etishga haqli.

Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan shikoyat (protest) ish bilan birga uch sutka ichida apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborilishi lozim.

Sudning maʼmuriy qamoqqa olish yoki maʼmuriy tartibda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat (protest) apellyatsiya instansiyasi sudiga shikoyat (protest) olingan kuni yuborilishi lozim.

Apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudining nomiga yoʻllanadi, lekin maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qarorni chiqargan sudga beriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.