# Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks — 324-18-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/MJK/324-18 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan kassatsiya shikoyatini bergan shaxs uni qaytarib olishga haqli. Kassatsiya protestini qaytarib olish huquqi protestni kiritgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir. Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori chiqarilgan shaxs oʻz advokatining kassatsiya shikoyatini qaytarib olishga haqli. Maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning advokati, qonuniy vakili oʻz kassatsiya shikoyatini faqat maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning roziligi bilan qaytarib olishga haqli. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga kassatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishda kassatsiya instansiyasi sudi qaror chiqaradi va bu qaror bilan, agar sud qarori ustidan boshqa shaxslar shikoyat qilmagan boʻlsa, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat ishda qoldiriladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/MJK)