# Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks — 324-20-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/MJK/324-20 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Birinchi instansiya sudining qarori ustidan kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish natijalariga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmay qoldirish toʻgʻrisida; 2) birinchi instansiya sudining qarorini, shuningdek organning (mansabdor shaxsning) qarorini bekor qilish va ishni maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzgan organga (mansabdor shaxsga) qaytarish haqida; 3) birinchi instansiya sudi qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish va yangi qaror chiqarish toʻgʻrisida; 4) birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida; 5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida; 6) kassatsiya shikoyati (protesti) qaytarib olinishi munosabati bilan kassatsiya ish yuritishini tugatish toʻgʻrisida. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori chiqarilganidan keyin darhol oʻqib eshittiriladi. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/MJK)