Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgarishsiz, taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida;
2) apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilish va birinchi instansiya sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqida;
3) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida;
4) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish va yangi qaror qabul qilish haqida;
5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada oʻzgartirish haqida;
6) taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida.