# Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks — 346-2-modda. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/MJK/346-2 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish mazkur shaxslar qaysi chet davlat hududiga chiqarib yuborilayotgan boʻlsa, oʻsha chet davlatning hokimiyat vakiliga ularni rasmiy ravishda topshirish yoxud chiqarib yuborilayotgan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan nazorat ostida mustaqil ravishda chiqib ketishi yoʻli bilan amalga oshiriladi. Agar chiqarib yuborilayotgan shaxsni chet davlat vakiliga topshirish Oʻzbekiston Respublikasining mazkur davlat bilan tuzilgan shartnomasida nazarda tutilmagan boʻlsa, chiqarib yuborish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari tomonidan belgilanadigan joyda amalga oshiriladi. Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktidan chiqarib yuborish toʻgʻrisida mazkur shaxs qaysi chet davlat hududiga (hududi orqali) chiqarib yuborilayotgan boʻlsa, oʻsha chet davlatning hokimiyat vakillari, agar Oʻzbekiston Respublikasining ushbu davlat bilan tuzilgan shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, xabardor qilinadi. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorni ijro etish dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/MJK)