Maʼmuriy organlarning va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi ariza (shikoyat) ushbu Kodeksning 128-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Arizada (shikoyatda) quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak:
1) ustidan shikoyat qilinayotgan qarorni qabul qilgan yoki shikoyat qilinayotgan harakatni (harakatsizlikni) sodir etgan maʼmuriy organning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining nomi, mansabdor shaxsning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;
2) ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning nomi, raqami, u qabul qilingan sana, ustidan shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;
3) arizachining fikriga koʻra, ustidan shikoyat qilinayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli uning buzilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) arizachining fikriga koʻra, ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning, harakatlarning (harakatsizlikning) qaysi qonunchilikka zid ekanligi;
5) arizachining qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi talabi.
Arizaga (shikoyatga) ushbu Kodeksning 130-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning matni ilova qilinadi.