Kassatsiya shikoyati (protesti) sudga yozma shaklda beriladi va shikoyat (protest) bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Kassatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) kassatsiya shikoyati (protesti) yoʻllanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
3) ustidan shikoyat (protest) berilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi;
4) ishning raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana, talab predmeti;
5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning talablari va shaxs qonunlarga yoki boshqa qonunchilik hujjatlariga, ish holatlariga hamda dalillarga havola qilingan holda sud hujjatini notoʻgʻri deb hisoblash uchun keltirgan asoslar;
6) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Kassatsiya shikoyatida uni berayotgan shaxsning yoki uning vakilining telefon, faks raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.