Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) kassatsiya instansiyasi sudining nomi, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisining kotibi;
2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy;
3) kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessining boshqa ishtirokchilarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) talab predmeti;
6) hal qiluv qarori qabul qilingan sana, uni qabul qilgan sudyalarning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;
7) ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni;
8) kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan hal qiluv qarorining qonuniyligi va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida talab arz qilinishiga sabab boʻlgan asoslar;
9) kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar;
10) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari;
11) kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan ish holatlari; sudning ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalari uchun asos boʻlgan dalillar; sud qaror qabul qilishda amal qilgan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlari; sudning u yoki bu dalillarni rad etishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar havola qilgan qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlarini qoʻllamaganligiga doir sabablar;
12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori toʻliq yoki qisman bekor qilingan boʻlsa, uning xulosalariga kassatsiya instansiyasi sudi qoʻshilmaganligining sabablari;
13) kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha xulosalar.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 161-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.