MSK · 85-modda

85-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi

Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi tekshirishlarni oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.

Xulosada: ekspertiza oʻtkazilgan sana va joy; ekspertizani oʻtkazish asosi; ekspertizani tayinlagan sud toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; ekspert toʻgʻrisidagi (familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani oʻtkazish topshirilgan tashkilot haqidagi maʼlumotlar; bila turib notoʻgʻri xulosa berganlik, ish yopiq sud majlisida koʻrilganda yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ekspertning ogohlantirilganligi; ekspert oldiga qoʻyilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar; tekshirishlarning qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holdagi mazmuni va natijalari, shuningdek bu tekshirishlar, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan boʻlsa, kim tomonidan oʻtkazilganligi; tekshirish natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan va ekspertning tashabbusiga koʻra aniqlangan holatlar aks ettirilgan boʻlishi kerak.

Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida yoxud boshqa korxonada, muassasada, tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan sudning talabiga binoan ishga qoʻshib qoʻyish uchun taqdim etiladi.

Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi tekshirish davomida maʼlum boʻlib qolsa, xulosa qoʻyilgan ayrim savollarga javob berishni rad etish asosini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.

Tekshirish tugaganidan soʻng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan sudga yuboriladi.

Xulosa sud majlisida tekshiriladi hamda boshqa dalillar bilan bir qatorda baholanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.