OK · 237-modda

237-modda. Farzandlikka olish

Oila kodeksi VIII BOʻLIM. CHET EL FUQAROLARI VA FUQAROLIGI BOʻLMAGAN SHAXSLAR ISHTIROKIDAGI OILAVIY MUNOSABATLARNI TARTIBGA SOLISH Rasmiy manba (lex.uz)

Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda ham ushbu Kodeks 151 — 167-moddalarining talablariga rioya qilinishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda bolaning qonuniy vakili va bola fuqarolikka ega boʻlgan davlat vakolatli organining roziligi, shuningdek agar oʻsha davlatning qonunchiligiga muvofiq talab qilinsa, farzandlikka olish haqida bolaning ham roziligi olinishi lozim.

Agar farzandlikka olish natijasida farzandlikka olingan bolaning Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda xalqaro shartnomalari bilan belgilangan huquqlari buziladigan boʻlsa, farzandlikka oluvchining qaysi fuqarolikka mansubligidan qatʼi nazar, farzandlikka olish mumkin emas, farzandlikka olingan taqdirda esa, u sud tartibida bekor qilinishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olish farzandlikka oluvchi qaysi chet davlat fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlatning vakolatli organi tomonidan amalga oshirilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ruxsati oldindan olingan boʻlsagina Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet davlatning vakolatli organi amalga oshirgan farzandlikka olish, basharti ushbu Kodeksning 152, 157 va 161-1-moddalari talablariga rioya etilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.