# Oila kodeksi — 82-modda. Ota-onalik huquqini tiklash > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/OK/82 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Ota-ona (ulardan biri) oʻz xulq-atvorini, turmush tarzini va (yoki) bola tarbiyasiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirgan hollarda ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin. Ota-onalik huquqini tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) daʼvosiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi ishlar vasiylik va homiylik organining, shuningdek prokurorning ishtirokida koʻrib chiqiladi. Ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvosi bilan birga bolani ota-onaga (ulardan biriga) qaytarish toʻgʻrisidagi talabi ham koʻrib chiqilishi mumkin. Agar ota-onalik huquqining tiklanishi bolaning eng ustun manfaatlariga zid boʻlsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvosini qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir. Oʻn yoshga toʻlgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan boʻlsa, ota-onalik huquqini tiklashga yoʻl qoʻyilmaydi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/OK)