# Shaharsozlik kodeksi — 12-modda. Aholi punktlarining turlari > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SHK/12 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Aholi punktlari shaharlarga, shaharchalarga, qishloqlar va ovullarga boʻlinadi. Aholining soniga qarab shaharlar quyidagilarga boʻlinadi: eng yirik — aholisining soni bir milliondan ortiq kishidan iborat; yirik — aholisining soni ikki yuz ellik mingdan bir milliongacha kishidan iborat; katta — aholisining soni yuz mingdan ikki yuz ellik minggacha kishidan iborat; oʻrtacha — aholisining soni ellik mingdan yuz minggacha kishidan iborat; kichik — aholisining soni ellik minggacha kishidan iborat boʻlgan shaharlar. Aholining soniga qarab shaharchalar quyidagilarga boʻlinadi: katta — aholisining soni yigirma mingdan ortiq kishidan iborat; oʻrtacha — aholisining soni oʻn mingdan yigirma minggacha kishidan iborat; kichik — aholisining soni oʻn minggacha kishidan iborat boʻlgan shaharchalar. Aholining soniga qarab qishloqlar va ovullar quyidagilarga boʻlinadi: yirik — aholisining soni besh mingdan ortiq kishidan iborat; katta — aholisining soni uch mingdan besh minggacha kishidan iborat; oʻrtacha — aholisining soni bir mingdan uch minggacha kishidan iborat; kichik — aholisining soni bir minggacha kishidan iborat boʻlgan qishloqlar va ovullar. Vaqtinchalik ahamiyatga molik va aholi tarkibi doimiy boʻlmagan hamda iqtisodiyot tegishli tarmogʻining xizmat maqsadidagi obyektlari boʻlgan binolar va inshootlarning guruhlari (vaxta usulida ishlovchi neftchilar, gazchilar, izlanuvchilarning shaharchalari hamda uylari), shuningdek yakka uylar (temir yoʻl nazoratchilarining, oʻrmonchilarning uylari, dala shiyponlari va boshqalar) ushbu binolar va inshootlar maʼmuriy, ishlab chiqarish yoki hududiy munosabatlarda shaharsozlik faoliyatining qaysi tegishli subyektlari bilan bogʻliq boʻlsa, oʻsha subyektlar tasarrufida boʻladi. Aholi punktining turiga qarab shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ularni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi belgilanadi. Yangi aholi punktlarini joylashtirish hamda mavjudlarini rivojlantirish hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiyaviy rivojlantirishning uzoq muddatli prognozlariga, Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhiga, hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish tarhlariga hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalariga, aholi punktlari hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Aholi punktlarini tashkil etish hamda qayta tashkil etish, ularning maqomi va chegaralarini oʻzgartirish tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Aholi punktlari chegaralaridagi yerlar aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga, shaharsozlik va yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq ulardan foydalanishning tartibga solinishini amalga oshiruvchi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida boʻladi. Aholi punktlarining yerlaridan foydalanish shartlari va tartibiga doir shaharsozlik talablari shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SHK)