SHK · 17-modda

17-modda. Obyektlarni qurish boʻyicha pudratchilar

Tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar shuningdek jismoniy shaxslar obyektlarni qurish boʻyicha pudratchilar (bundan buyon matnda pudratchilar deb yuritiladi) boʻlishi mumkin.

Jismoniy shaxslar pudratchilar sifatida:

ikki qavatdan yuqori boʻlmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish;

mavsumiy ishlar va yaylov chorvachiligi uchun vaqtinchalik imoratlarni, xoʻjalik-maishiy binolarini qurish;

yakka tartibdagi tomorqa yer uchastkalari hududida, shuningdek jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan yer uchastkalarida xoʻjalik-maishiy imoratlarini qurish;

tomorqa yer uchastkalarida va mavjud muhandislik tarmoqlarini oʻzgartirish talab etilmaydigan jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan yer uchastkalarini obodonlashtirish;

umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan, yigʻma-qismlarga ajraladigan konstruksiyalardan quriladigan savdo obyektlari, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari uchun bir qavatli bino va inshootlarni qurish;

ikkitadan koʻp boʻlmagan avtomashinaga moʻljallangan bokslardan iborat garajlarni qurish;

kichik arxitektura shakllarini qurish va hududlarni oʻrash;

ochiq sport maydonchalari, yoʻlaklar qurish, bino va inshootlar atrofiga tosh yotqizish;

reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish;

mulkdorlarning shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan texnik jihatdan murakkab boʻlmagan imoratlarni qurish boʻyicha ishlarni amalga oshirishi mumkin.

Pudratchilar:

binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning yangi konstruktiv yechimlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

ishlab chiquvchi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli hududiy boʻlinmasi va buyurtmachi bilan kelishgan holda shaharsozlik hujjatlariga binolarning, inshootlarning va boshqa obyektlarning arxitektura-badiiy qiyofasini hamda konstruktiv yechimini yomonlashtirmagan tarzda texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni yaxshilaydigan oʻzgartirishlar kiritish;

ishlab chiquvchidan zarur texnik maslahatlar olish huquqiga ega.

Pudratchilar:

qurilishni tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi;

shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, shaharsozlik hujjatlarida qabul qilingan yechimlarga rioya etishi;

buyurtmachining texnik nazoratiga oid, ishlab chiquvchining mualliflik nazoratiga oid qonuniy talablarini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi qurilish sohasidagi nazorat boʻyicha hududiy inspeksiyalarning qonuniy talablarini bajarishi;

ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etuvchi barcha xodimlarni mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi anjomlari, jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlashi;

buyurtmachiga qurilishi tugallangan obyektda bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari hamda shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani (bundan buyon matnda muvofiqlik deklaratsiyasi deb yuritiladi) taqdim etishi shart.

Pudratchilar qurilishning pirovard natijalari va pudrat shartnomasida belgilangan majburiyatlarga muvofiq shartnoma narxiga rioya etilishi uchun javobgar boʻladi.

Pudratchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.