SHK · 32-modda

32-modda. Obyektlarni qabul qilish va ularni foydalanishga topshirish

Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq toʻliq tayyor boʻlganda va ijro hujjatlari, muvofiqlik deklaratsiyasi, bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi va qurilish-montaj ishlarining sifati toʻgʻrisidagi xulosalar mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.

Davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir bilan bogʻliq qurilishi tugallangan obyektlarni, shuningdek davlat ahamiyatiga ega obyektlarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladigan davlat qabul komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda komissiya ishida buyurtmachi, ishlab chiquvchi va pudratchining vakillari majburiy tarzda ishtirok etishi kerak.

Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish pudratchi va buyurtmachi oʻrtasida imzolanadigan, qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya tuzilgan hollarda, qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi komissiya aʼzolari, buyurtmachi, ishlab chiquvchi, pudratchi hamda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan imzolanadi.

Qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi shakli maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.

Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish ishtirokchilarining vazifalariga quyidagilar kiradi:

qurilishi tugallangan obyektning tayyorligini belgilash va hujjatli tasdiqlash;

bajarilgan qurilish-montaj ishlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligini baholash;

texnologik, muhandislik yoki boshqa uskunalarni (muhandislik tizimlarini) sinovdan oʻtkazish;

obyektning ishga tushiriladigan quvvatining (sigʻimi, oʻtkazuvchanligining) shaharsozlik hujjatlarida tasdiqlangan koʻrsatkichlarga muvofiqligini belgilash.

Tasdiqlangan loyiha yechimlari hamda shaharsozlik normalari va qoidalari buzilishlari aniqlangan taqdirda, shuningdek texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarning salbiy xulosalari mavjud boʻlganda buyurtmachi (komissiya) pudratchi buzilishlarni bartaraf etgandan soʻng obyektni foydalanishga qabul qiladi.

Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga topshirish hududiy inspeksiya tomonidan qurilishi tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berilishi orqali amalga oshiriladi.

Quyidagilar qurilishi tugallangan obyektdan foydalanishga ruxsatnoma berish uchun asos boʻladi:

qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi;

obyektning ijro hujjatlari toʻplami;

pudratchi tomonidan berilgan muvofiqlik deklaratsiyasi;

mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxs tomonidan berilgan bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosa;

texnik nazoratni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan berilgan qurilish-montaj ishlarining sifati toʻgʻrisidagi xulosa.

Hududiy inspeksiya tomonidan qurilishi tugallangan obyektdan foydalanishga ruxsatnoma berilgan sana obyekt foydalanishga topshirilgan sana hisoblanadi.

Qurilgan obyektdan qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish toʻgʻrisidagi tasdiqlangan dalolatnomasiz va hududiy inspeksiyaning qurilishi tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnomasisiz foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Muvofiqlik deklaratsiyasining, qurilish-montaj ishlarining sifati va bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligini toʻgʻrisidagi xulosalarning buyurtmachiga taqdim etilishi ishlab chiquvchini, pudratchini, texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarni obyektni loyihalashtirish, qurish, qabul qilish va foydalanishga topshirishda bajarilgan ishlar uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Buyurtmachi qurilishi tugallangan obyektni oʻz vaqtida topshirish-qabul qilish va uni foydalanishga topshirish uchun javobgar boʻladi.

Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish va uni foydalanishga topshirish boʻyicha tartib-taomillarni oʻtkazish tartibi va muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.