SHK · 79-modda

79-modda. Aholi punktlarida yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari

Yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari, qurish loyihalari va qoidalari bilan belgilanadi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yer uchastkalari berilayotganda yuridik va jismoniy shaxslarni yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslarga qurish uchun yer uchastkalari berilayotganda (realizatsiya qilinayotganda) mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga nisbatan quyidagi shaharsozlik talablari va yer uchastkasini saqlash vazifalari belgilanishi mumkin:

maxsus vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshirigʻiga binoan hududni qurish loyihasini ishlab chiqish boʻyicha;

qurilishga tutash boʻlgan umumiy foydalanishdagi hududni obodonlashtirish boʻyicha;

obyektlar qurilishini boshlash va tamomlash muddatlariga rioya etish boʻyicha.

Obyekt qurilishi qurilish boshlangan sanadan eʼtiboran ikki yil ichida yoki shaharsozlik hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan taqdirda, obyekt tugallanmagan deb hisoblanadi.

Yangi qurilish mazkur qurilish hududi aholisining tegishli xizmatlar bilan taʼminlanishi shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan normalardan pasayishiga olib keladigan boʻlsa, yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari ular muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning qoʻshimcha obyektlarini qurishda ulushli ishtirok etganda berilishi (realizatsiya qilinishi) mumkin.

Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan talablar va yer uchastkasini saqlash vazifalari yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda saqlanib qoladi.

Ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlari yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkalarida amalga oshiriladigan qurilishga nisbatan qoʻllanilmaydi.

Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlarda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

hududiy zonaning qurish qoidalarida belgilangan kodi;

doirasida yer uchastkasi joylashgan hududiy zonaning funksional maqsadi;

yer uchastkasi yoki uning qismi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish zonalarining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning va suvni muhofaza qilish zonalarining chegaralarida, shuningdek tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning taʼsiriga duchor boʻlgan hududlar va aholi punktlarining hamda foydalanilishiga qonunda cheklovlar belgilanadigan boshqa hududlarning chegaralarida joylashganligi;

yer uchastkasi chegaralarida muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlarining mavjudligi ushbu obyektlarning koʻrsatkichlari va ulardan foydalanishga doir cheklovlar koʻrsatilgan holda;

yer uchastkasi chegaralarida yer uchastkasining mulkdoriga, egasiga yoki bu uchastkadan foydalanuvchiga tegishli boʻlmagan binolar va inshootlarning mavjudligi ushbu yer uchastkasida koʻrsatib oʻtilgan obyektlar joylashganligi munosabati bilan undan foydalanishga doir cheklovlar koʻrsatilgan holda.

Yer uchastkalari boʻlib berilayotganda yoki ularning chegaralari va koʻrsatkichlari oʻzgarganda qizil chiziqlarga, qurishni tartibga solish chiziqlariga hamda shaharsozlik reglamentlarining eng kichik oʻlchamdagi yer uchastkalariga doir talablariga rioya etiladi.

Yer uchastkalari hamda ularda joylashgan binolar, inshootlar va boshqa obyektlar boʻlingan taqdirda ularning qismlari mustaqil obyektlar sifatida ishlab turishi uchun shart-sharoitlar taʼminlanishi kerak.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.