SK · 107-modda

107-modda. Mol-mulk garovi

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda soliqlarni toʻlash majburiyati mol-mulk garovi bilan taʼminlanishi mumkin.

Mol-mulk garovi soliq organi va garovga qoʻyuvchi oʻrtasidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi. Soliq toʻlovchining oʻzi yoki uchinchi shaxs garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.

Soliq toʻlovchi tegishli soliq summalarini va tegishli penyalarni toʻlash boʻyicha majburiyatini bajarmagan taqdirda, soliq organi ushbu majburiyatning garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymati hisobidan bajarilishini fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Fuqarolik qonunchiligiga muvofiq oʻziga nisbatan garov belgilanishi mumkin boʻlgan mol-mulk, agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, garov predmeti boʻlishi mumkin.

Boshqa shartnoma boʻyicha garov predmeti soliq organi va garovga qoʻyuvchi oʻrtasidagi shartnoma boʻyicha garov predmeti boʻlishi mumkin emas.

Garov chogʻida mol-mulk garovga qoʻyuvchida qolishi yoxud garovga qoʻyuvchining mablagʻlari hisobiga soliq organiga (garovga oluvchiga), garovga qoʻyilgan mol-mulkning but saqlanishini taʼminlash majburiyati unga yuklangan holda, topshirilishi mumkin.

Garovga qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan biron-bir bitimni, shu jumladan soliq qarzi summalarini uzish maqsadida bitimlarni tuzish faqat garovga oluvchi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlash usuli sifatida garov belgilashda yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarga nisbatan, agar soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, fuqarolik qonunchiligining qoidalari qoʻllaniladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.