# Soliq kodeksi — 110-modda. Penya > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/110 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Soliq toʻlovchi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan soliqlarni toʻlash muddatini buzgan taqdirda toʻlashi lozim boʻlgan pul summasi penyadir. Tegishli penyalarning summasi toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summalaridan tashqari va soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatning bajarilishini taʼminlashga doir boshqa choralar, shuningdek soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari qoʻllanilishidan qatʼi nazar toʻlanadi. Penyalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan soliqni toʻlash kunidan keyingi kundan boshlab soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatni bajarish kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun hisoblanadi. Soliqni toʻlash boʻyicha kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berish toʻgʻrisida ariza berilganligi toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasiga penyalar hisoblanishini toʻxtatib turmaydi. Soliq toʻlovchi, uning bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarning toʻxtatilishi yoki pul mablagʻlariga taqiq qoʻyilishi shaklidagi soliq organining undirish toʻgʻrisida taʼminot choralari haqidagi qarori qabul qilinganligi sababli toʻlay olmagan soliq qarziga penya hisoblanmaydi. Bunday holda penyalar koʻrsatib oʻtilgan holatlarning butun amal qilish davri uchun hisoblanmaydi. Soliqni hisoblash va toʻlash tartibi haqida yoki soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllashga doir boshqa masalalar boʻyicha moliya yoki soliq organi (uning mansabdor shaxsi) tomonidan oʻz vakolatlari doirasida soliq toʻlovchiga yoki nomuayyan doiradagi shaxslarga berilgan yozma tushuntirishlarni bajarishi natijasida soliq toʻlovchida hosil boʻlgan soliq boʻyicha qarz summasiga penya hisoblanmaydi. Penyalar soliq monitoringini oʻtkazish jarayonida soliq organining soliq toʻlovchiga yuborilgan asosli fikrini bajarishi natijasida soliq toʻlovchida hosil boʻlgan soliq boʻyicha qarz summasiga hamda qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va yigʻimlar boʻyicha undirilgan mablagʻlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarning depozit hisobvaraqlaridan budjetga oʻtkazilgan kunga qadar shu mablagʻlar summasiga hisoblanmaydi. Majburiyatlar reyestriga kiritilgan ijro hujjatlari boʻyicha soliq qarziga mazkur ijro hujjatlari ushbu Reyestrga kiritilgan sanadan eʼtiboran penya hisoblanmaydi. Ushbu moddaning oltinchi va yettinchi qismlarida koʻrsatilgan holatlar, shu organning mohiyati va mazmuniga koʻra soliq qarzi hosil boʻlgan soliq (hisobot) davrlariga taalluqli tegishli hujjat mavjud boʻlgan taqdirda, shunday hujjat qabul qilingan sanadan qatʼi nazar, aniqlanadi. Ushbu moddaning oltinchi va yettinchi qismlari qoidalari, agar soliq organining mazkur yozma tushuntirishlari yoki asoslantirilgan fikri soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan toʻliq boʻlmagan yoki notoʻgʻri axborotga asoslangan boʻlsa, qoʻllanilmaydi. Har bir kechiktirilgan kun uchun penyalar soliqning toʻlanmagan summasidan kelib chiqib foizlarda belgilanadi. Penyaning foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining shu davrda amalda boʻlgan qayta moliyalash stavkasining uch yuzdan biriga teng etib qabul qilinadi. Penyalar tegishli soliq toʻlanadigan budjetga (davlat maqsadli jamgʻarmasiga) toʻlanadi. Penyalar soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlari hisobidan, shuningdek soliq toʻlovchining boshqa mol-mulki hisobidan ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda tutilgan tartibda majburiy ravishda undirilishi mumkin. Yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan penyani majburiy ravishda undirish ushbu Kodeksning 121 — 124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, boshqa jismoniy shaxslardan esa — ushbu Kodeksning 125-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu Kodeksning 120-moddasi yettinchi — sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan penyani majburiy ravishda undirish sud tartibida amalga oshiriladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar soliq agentlariga ham tatbiq etiladi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)