SK · 120-modda

120-modda. Soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar

Soliq qarzi belgilangan muddatda toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmagan taqdirda bu qarzni undirish ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Soliq qarzi mazkur soliq qarziga ega boʻlgan soliq toʻlovchidan, ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda esa — boshqa shaxslardan undiriladi.

Agar soliq toʻlovchining soliqlar boʻyicha qarzini uzishga doir majburiyati bank kafolati, uchinchi shaxsning kafilligi yoxud mol-mulk garovi bilan taʼminlangan boʻlsa, soliq toʻlovchi soliqlar boʻyicha soliq qarzini uzmagan yoki toʻliq uzmagan taqdirda, soliq organi soliq qarzining toʻlanmagan summasini tegishlicha bank kafolatini bergan bankdan, kafildan yoxud garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan undirishi shart.

Yuridik shaxsdan yoki yakka tartibdagi tadbirkordan soliq qarzini undirish ushbu Kodeksning 121 — 124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkor boʻlmagan jismoniy shaxsdan soliq qarzini undirish ushbu Kodeksning 125-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Yuridik shaxsdan yoki yakka tartibdagi tadbirkordan soliq qarzini undirish dastlab uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlari hisobidan, ular yetishmagan taqdirda esa mazkur shaxsning boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda soliq toʻlovchining yoki boshqa shaxsning soliq qarzi uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlari hisobidan undirish imkoni boʻlmagan qismida boshqa shaxslardan undirilishi mumkin.

Agar soliq toʻlovchining tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan oladigan tushumi yoki boshqa daromadlari boshqa shaxslarning bankdagi hisobvaraqlariga kelib tushgan boʻlsa, soliq toʻlovchining soliq qarzi shu shaxslardan undirilishi mumkin.

Agar soliq toʻlovchi soliq tekshiruvi toʻgʻrisida bilgan paytdan eʼtiboran oʻzining pul mablagʻlarini yoki boshqa mulkini oʻzga shaxslarga bergan boʻlsa, soliq toʻlovchining soliq qarzi shu shaxslardan undirilishi mumkin.

Ushbu modda sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlarining qoidalari tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan tushum yoki boshqa daromadlar yoxud pul mablagʻlari yoki boshqa mulk oʻzga shaxslarga bir nechta operatsiyalar orqali oʻtkazib berilganligi aniqlangan hollarda ham qoʻllaniladi.

Ushbu moddaning sakkizinchi — oʻninchi qismlarida koʻrsatilgan hollarda mazkur shaxslardan soliq qarzini undirish soliq toʻlovchining realizatsiya qilingan tovarlari (ishlari, xizmatlari) uchun kelib tushgan tushum, boshqa daromadlari, u tomonidan oʻtkazilgan pul mablagʻlari, boshqa mol-mulkning qiymati doirasida amalga oshiriladi. Soliq organi mazkur shaxslar toʻgʻrisida oʻzida mavjud boʻlgan axborot asosida va soliq toʻlovchining soliq qarzi miqdoriga bogʻliq tarzda ushbu qarzni undirishni koʻrsatilgan qaysi shaxslardan va qanday nisbatda undirishni amalga oshirishni mustaqil ravishda belgilashga haqli.

Ushbu moddaning sakkizinchi — oʻninchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda soliq qarzini undirish sud tartibida amalga oshiriladi.

Soliqni sud tartibida undirish quyidagi hollarda ham amalga oshiriladi, agar soliqni toʻlash majburiyati:

1) soliq organi tomonidan bitimni tavsiflashni, soliq toʻlovchining maqomini yoki faoliyati xususiyatini oʻzgartirishga asoslangan boʻlsa;

2) oʻzaro aloqador shaxslar oʻrtasida bitimlar tuzilishi munosabati bilan transfert narx belgilash chogʻidagi soliq nazorati natijalariga koʻra yuzaga kelgan boʻlsa.

Soliq organlari tomonidan soliq qarzi soliq toʻlovchining debitorlari hisobidan undirilishi mumkin. Soliq qarzi boʻyicha undiruv soliq toʻlovchining debitorlik qarziga ushbu Kodeksning 121-1-moddasida nazarda tutilgan tartibda qaratiladi.

Ushbu bobning qoidalari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish munosabati bilan toʻlanadigan soliqlar boʻyicha soliq qarzini undirishga, shuningdek soliq agentlarining soliq qarzini undirishga ham tatbiq etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.