SK · 125-modda

125-modda. Yakka tartibdagi tadbirkor boʻlmagan jismoniy shaxsning soliq qarzini undirish

Agar yakka tartibdagi tadbirkor boʻlmagan jismoniy shaxs (bundan buyon ushbu moddada jismoniy shaxs deb yuritiladi) soliq toʻlash boʻyicha majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmagan boʻlsa, soliq organi soliq qarzini ushbu jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish toʻgʻrisidagi ariza (bundan buyon ushbu moddada undirish toʻgʻrisidagi ariza deb yuritiladi) bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Undirish toʻgʻrisidagi arizaga soliq organining talabnomani taʼminlash tartibida javobgarning mol-mulkini xatlash haqidagi iltimosnomasi ilova qilinishi mumkin.

Undirish toʻgʻrisidagi arizaning nusxasi u sudga berilgan kundan kechiktirmay soliq organi tomonidan soliq qarzi undirilayotgan jismoniy shaxsga yuboriladi.

Agar jismoniy shaxsning soliq qarzi umumiy summasi bir million soʻmdan oshsa, undirish toʻgʻrisidagi ariza soliq organi tomonidan sudga beriladi.

Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish toʻgʻrisidagi ishlar qonunchilikka muvofiq koʻrib chiqiladi.

Qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish ushbu moddada nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish quyidagilarga nisbatan ushbu ketma-ketlik bilan amalga oshiriladi:

1) bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlariga;

2) naqd pul mablagʻlariga;

3) boshqa shaxslarga shartnoma boʻyicha egalik qilishga, foydalanishga, tasarruf etishga berilgan mol-mulkka, ushbu mol-mulkka doir mulk huquqi ularga oʻtmagan holda, agar soliq majburiyati ijrosini taʼminlash uchun bunday shartnomalar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;

4) boshqa mol-mulkka, bundan qonunchilikka muvofiq belgilanadigan jismoniy shaxsning yoki uning oilasi aʼzolarining kundalik shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan mol-mulk mustasno.

Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirishda ushbu moddaning yettinchi qismida belgilangan ketma-ketlikni buzishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Soliq qarzi jismoniy shaxsning pul mablagʻlari koʻrinishida boʻlmagan mol-mulki hisobidan undirilgan taqdirda, soliq qarzi bunday mol-mulk realizatsiya qilingan va undan kelib tushgan summalar hisobidan toʻlangan paytdan eʼtiboran toʻlangan deb hisoblanadi.

Mazkur mol-mulk xatlab qoʻyilgan kundan eʼtiboran va tushgan summalar budjet tizimiga oʻtkazilgan kunga qadar soliqlarni oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun penyalar hisoblanmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.