Yuridik va jismoniy shaxslarni ushbu Kodeksning 128-moddasida nazarda tutilgan tartibda olinadigan maʼlumotlar asosida soliq organlarida hisobga olish, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Soliq organlari oʻzlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida soliq toʻlovchilar hisobga olinishini (hisobdan chiqarilishini) va soliq toʻlovchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar hisobi yuritilishini taʼminlashi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida soliq organlarida hisobga qoʻyish quyidagilarga nisbatan amalga oshiriladi:
1) yuridik shaxs oʻzi joylashgan yerida, filiali va (yoki) vakolatxonasi joylashgan yerida;
2) chet el notijorat nohukumat tashkilotining oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlinmasi orqali amalga oshirish joyida;
3) yakka tartibdagi tadbirkor Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish joyida yoki oʻz yashash joyida.
Chet el yuridik shaxsini akkreditatsiya qilingan filial va (yoki) vakolatxona orqali oʻz faoliyatini amalga oshirish joyidagi soliq organlarida hisobga qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
Faoliyatini boshqa alohida boʻlinmalar orqali amalga oshirish chogʻida chet el yuridik shaxsini hisobga qoʻyish, agar ushbu moddaning uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza asosida amalga oshiriladi. Chet el yuridik shaxsini soliq organlarida hisobdan chiqarish xuddi shunday tartibda amalga oshiriladi.
Hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza chet el yuridik shaxsi tomonidan u Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini boshlagan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay soliq organiga beriladi. Hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi ariza bunday shaxs tomonidan u Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini tugallagan kundan eʼtiboran oʻn besh kalendar kundan kechiktirmay beriladi.
Hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) toʻgʻrisidagi ariza berilayotganda chet el yuridik shaxsi mazkur ariza bilan bir vaqtning oʻzida soliq organiga hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim etadi. Bunday hujjatlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Chet el yuridik shaxsni Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti sifatida soliq organida hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) soliq organi tomonidan bunday chet el yuridik shaxsining oʻzini Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etishi toʻgʻrisidagi (Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti maqomidan voz kechishi haqidagi) arizasi asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida tovar-xomashyo birjalarida va (yoki) tashkillashtirilgan savdolarda aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini sotib oladigan norezident boʻlgan yuridik shaxslarni hisobga qoʻyish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilaydi.
Yuridik shaxsni soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi sifatida hisobga qoʻyish ushbu Kodeksning 64-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish toʻgʻrisidagi shartnomani roʻyxatdan oʻtkazgan soliq organi tomonidan shartnoma roʻyxatga olingan sanadan eʼtiboran besh kun ichida amalga oshiriladi. Xuddi shu muddatda mazkur yuridik shaxsga soliq organida soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi sifatida hisobga qoʻyilganligi haqida bildirishnoma beriladi (yuboriladi).
Yuridik shaxsni soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi sifatida hisobdan chiqarish soliq organi tomonidan ushbu Kodeksning 68-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining amal qilishi tugatilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida amalga oshiriladi. Xuddi shu muddatda mazkur yuridik shaxsga soliq organida soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi sifatida hisobdan chiqarilganligi haqida bildirishnoma beriladi (yuboriladi).
Jismoniy shaxslarga ushbu Kodeksning 282-moddasida koʻrsatilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlar koʻrsatuvchi va hisob-kitoblarni bevosita mazkur jismoniy shaxslar bilan amalga oshiradigan chet el yuridik shaxsini soliq organida hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) soliq organi tomonidan hisobga olish (hisobdan chiqarish) toʻgʻrisidagi ariza hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Soliq agenti deb eʼtirof etiladigan vositachi boʻlgan chet el yuridik shaxsini soliq organida hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) ham xuddi shunday tartibda amalga oshiriladi.
Hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) toʻgʻrisidagi ariza ushbu moddaning oʻn uchinchi qismida koʻrsatilgan chet el tashkilotlari tomonidan soliq organiga mazkur xizmatlar koʻrsatish boshlangan (tugallangan) kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay beriladi. Hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) soliq organi tomonidan tegishli ariza va roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Chet el yuridik shaxsi tomonidan ushbu moddaning oʻn uchinchi qismida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasining soliq toʻgʻrisidagi qonunchiligi talablari buzilgan taqdirda, soliq organi bunday yuridik shaxsni tegishli ariza taqdim etmagan holda soliq hisobidan chiqarishga haqli.
Soliq organida avval koʻrsatilgan asoslar boʻyicha hisobdan chiqarilgan chet el yuridik shaxsini hisobga qoʻyish soliq organi tomonidan hisobga olish toʻgʻrisidagi ariza va ushbu moddaning oʻn uchinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Ushbu modda oʻn uchinchi — oʻn oltinchi qismlarining qoidalari mazkur xizmatlarni elektron shaklda koʻrsatuvchi yoki bunday xizmatlarni bevosita vositachi sifatida oʻzining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi orqali koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Yakka tartibdagi tadbirkor boʻlmagan jismoniy shaxslarni soliq organlarida hisobga qoʻyish ushbu Kodeksning 133-moddasida koʻrsatilgan organlar taqdim etadigan maʼlumot yoki jismoniy shaxsning arizasi asosida mazkur jismoniy shaxsning yashash joyidagi soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Yashash joyi soliq solish maqsadlari uchun jismoniy shaxsning turgan joyi boʻyicha aniqlanadigan jismoniy shaxslar oʻzi turgan joydagi soliq organiga soliq organlarida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli.
Soliq toʻlovchida hisobga qoʻyish joyini aniqlash xususida qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, qaror u taqdim etgan maʼlumotlar asosida soliq organi tomonidan qabul qilinadi.