SK · 156-modda

156-modda. Soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish

Soliq auditi natijalariga koʻra soliq organlarining ushbu tekshiruvni oʻtkazgan vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan soliq auditi dalolatnomasi tuzilishi kerak.

Soliq auditi dalolatnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:

1) soliq auditi dalolatnomasini tuzish sanasi – ushbu tekshiruvni oʻtkazgan shaxslar tomonidan dalolatnoma imzolangan sana;

2) tekshirilayotgan shaxsning toʻliq va qisqartirilgan nomi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi. Yuridik shaxs uning alohida boʻlinmasi joylashgan yerda tekshirilgan taqdirda yuridik shaxsning nomidan tashqari tekshirilayotgan alohida boʻlinmaning toʻliq va qisqartirilgan nomi hamda uning joylashgan yeri koʻrsatiladi;

3) oʻzlari vakili boʻlgan soliq organining nomi koʻrsatilgan holda soliq auditini oʻtkazgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning lavozimlari;

4) soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) soliq auditi oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi sanasi va raqami;

5) soliq auditi davomida tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar roʻyxati;

6) soliq auditi oʻtkazilgan davr;

7) soliq auditi qaysi soliqqa nisbatan oʻtkazilgan boʻlsa, oʻsha soliqning nomi;

8) soliq auditi boshlangan va tugagan sana;

9) yuridik shaxs joylashgan yerning yoki jismoniy shaxs yashash joyining manzili;

10) soliq auditini amalga oshirish chogʻida oʻtkazilgan soliq nazorati tadbirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

11) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning tegishli normasiga havola qilgan holda soliqqa oid huquqbuzarlikning (u mavjud boʻlgan taqdirda) batafsil tavsifi;

12) soliq auditi natijalari boʻyicha xulosalar va takliflar.

Agar oʻtkazilgan soliq auditi natijalariga koʻra soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari aniqlanmagan boʻlsa, bu haqda soliq auditi dalolatnomasida qayd etiladi.

Soliq auditi dalolatnomasiga tekshiruv davomida aniqlangan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari faktlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Soliq auditi dalolatnomasi shaklini va uni tuzishga doir talablarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilaydi.

Soliq auditi dalolatnomasi kamida uch nusxada tuziladi.

Soliq auditi dalolatnomasining barcha nusxalari soliq organining soliq auditini oʻtkazgan mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi. Soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq toʻlovchiga tekshiruv tugaganidan keyin uch kun ichida topshiriladi. Soliq toʻlovchi dalolatnomaning barcha nusxalariga uni olgan sanani koʻrsatgan holda soliq auditi dalolatnomasini olganligiga imzo qoʻyishi shart. Soliq auditi dalolatnomasining soliq organida qolgan nusxalari soliq auditi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.

Soliq toʻlovchining soliq auditi dalolatnomasidagi imzosi uning soliq auditi natijalariga roziligini bildirmaydi.

Soliq toʻlovchi (uning vakili) soliq auditi dalolatnomasini olishdan bosh tortgan taqdirda, soliq organining mansabdor shaxsi bu haqda soliq auditi dalolatnomasiga tegishli yozuv kiritadi. Bunday holda soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq toʻlovchiga yuridik shaxs (alohida boʻlinma) joylashgan yer boʻyicha yoki jismoniy shaxsning yashash joyi boʻyicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.

Soliq auditi dalolatnomasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan taqdirda buyurtma xat yuborilgan sanadan boshlab hisoblaganda beshinchi kun ushbu dalolatnoma topshirilgan sana deb hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirmaydigan chet el yuridik shaxsiga (bundan xalqaro tashkilot yoki diplomatik vakolatxona mustasno) soliq auditi dalolatnomasi pochta orqali Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestridagi manzil boʻyicha buyurtma xat bilan yuboriladi. Buyurtma xat yuborilgan sanadan boshlab hisoblaganda yigirmanchi kun ushbu dalolatnoma topshirilgan sana deb hisoblanadi.

Oʻziga nisbatan soliq auditi oʻtkazilgan shaxs (uning vakili) soliq tekshiruvi dalolatnomasida bayon etilgan faktlarga va (yoki) tekshiruvchilarning xulosalari hamda takliflariga rozi boʻlmagan taqdirda, soliq auditi dalolatnomasini olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida tegishli soliq organiga mazkur dalolatnoma boʻyicha umuman yoki uning ayrim holatlari yuzasidan yozma eʼtirozlarini taqdim etishga haqli.

Soliq toʻlovchi oʻz eʼtirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini) yozma eʼtirozlarga ilova qilishga yoki kelishilgan muddatda soliq organiga topshirishga haqli.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.