Soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalardagi yoki mahallalardagi soliq toʻlovchilarda ushbu Kodeks 221-moddasining birinchi qismida, 223-moddasi uchinchi qismining oʻn uchinchi va oʻn beshinchi xatboshilarida, 429-moddasining oʻn yettinchi qismida belgilangan soliqqa oid huquqbuzarliklar yoki holatlar sodir etilgani aniqlangan taqdirda, birinchi marta rasmiy ogohlantiriladi va ushbu hujjat elektron tarzda soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Mazkur soliqqa oid huquqbuzarliklar yoki holatlar rasmiy ogohlantirishdan keyin uch kun muddatda bartaraf etilmagan va (yoki) ular qayta sodir etilganligi aniqlangan taqdirda, ushbu soliq toʻlovchida sayyor soliq tekshiruvlari oʻtkaziladi.
Ushbu Kodeks 223-moddasi uchinchi qismining oʻn uchinchi va oʻn beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar boʻyicha sayyor soliq tekshiruvi materiallari soliq tekshiruvini oʻtkazgan soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan eʼtiboran bir kun oʻtgach, lekin uch kundan kechiktirmay koʻrib chiqilishi kerak. Ularga doir qaror soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilganidan keyin bir kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim.
Ushbu Kodeks 165-moddasining ikkinchi qismida va oltinchi — oʻn sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar mazkur Kodeks 221-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar hamda 429-moddasining oʻn yettinchi qismida nazarda tutilgan holatlar boʻyicha oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga nisbatan qoʻllanilmaydi. Mazkur huquqbuzarliklar yoki holatlar boʻyicha oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvi toʻgʻrisida tuzilgan dalolatnoma asosida qaror soliq tekshiruvini oʻtkazgan soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan eʼtiboran bir kun oʻtgach, lekin uch kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim.
Sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qaror oʻziga nisbatan ushbu qaror qabul qilingan shaxsga (shaxsning vakiliga) berilgan yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat tarzida yuborilgan kundan eʼtiboran uch kun oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarni yoki holatlarni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektini rasmiy ogohlantirish shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.