# Soliq kodeksi — 167-modda. Moliyaviy sanksiyani undirish toʻgʻrisidagi ariza > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/167 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Yakka tartibdagi tadbirkor boʻlmagan jismoniy shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilganidan keyin tegishli soliq organi mazkur shaxsga nisbatan ushbu Kodeksda belgilangan moliyaviy sanksiya qoʻllash haqidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi. Moliyaviy sanksiyalarni undirishning suddan tashqari tartibiga yoʻl qoʻyilmaydigan hollarda moliyaviy sanksiya qoʻllashning xuddi shunday tartibidan foydalaniladi. Sudga murojaat qilingunga qadar soliq organi soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsga moliyaviy sanksiyaning tegishli summasini oʻz ixtiyori bilan toʻlashni yozma shaklda taklif qilishi shart. Zarur boʻlgan hollarda, soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsdan moliyaviy sanksiya undirish toʻgʻrisida ariza berish bilan bir vaqtda soliq organi qonunchilikda belgilangan tartibda talabnomani taʼminlash haqidagi iltimosnomani sudga yuborishi mumkin. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)