# Soliq kodeksi — 176-modda. Transfert narxni belgilash toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar > HuquqTech · https://huquqtech.uz/qonun/SK/176 > Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling. Oʻzaro aloqador taraflar oʻrtasidagi bitimlarda shakllanadigan va (yoki) mustaqil shaxslar oʻrtasida bitimlar tuzilayotganda taqqoslanadigan iqtisodiy sharoitlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan xolis tarzda shakllanadigan narxdan farq qiladigan narx ushbu Kodeks maqsadida transfert narx deb tushuniladi. Oʻzaro aloqador taraflar faoliyatining mustaqil shaxslar tomonidan taqqoslanadigan iqtisodiy sharoitlarda olinishi mumkin boʻlgan sharoitlar va natijalardan farq qiladigan tijoratga oid va (yoki) moliyaviy sharoitlar va (yoki) natijalar ushbu Kodeksning maqsadida transfert narxni belgilash deb tushuniladi. Bitimning taraflaridan biri tomonidan olinishi mumkin boʻlgan, lekin transfert narxni belgilash natijasida taraf olmagan har qanday daromadlar soliq solish maqsadida ushbu boʻlimda belgilangan hollarda va tartibda bitimning shu tarafida hisobga olinadi. Ushbu boʻlimda belgilangan hollarda va tartibda tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarining daromadlari soliq solish maqsadida bitim narxining bitim predmeti boʻlgan tovarlarga (xizmatlarga) doir bozor narxidan farq qilishiga sabab boʻlgan toʻliq olinmagan daromadlar summasiga koʻpaytirilishi mumkin. Bunda shunday bitimlar ishtirokchilari oʻzaro aloqador yoki mustaqil shaxslar ekanligi eʼtiborga olinmaydi. Xuddi shunday qoidalar ushbu boʻlimda belgilangan hollarda va tartibda ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari boʻlgan bitimlarda qoʻllanilishi mumkin. Soliq solish maqsadida daromadlarni hisobga olish budjet tizimiga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasining kamayishiga yoki ushbu Kodeksning Maxsus qismiga muvofiq aniqlanadigan zarar summasining koʻpayishiga olib kelmagan taqdirda, bunday hisobga olish ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan daromadlarni aniqlash ushbu boʻlimda belgilangan usullarni qoʻllagan holda transfert narxni belgilash chogʻida soliq nazorati doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur qoida soliq toʻlovchining bitimning haqiqiy narxi oʻrniga soliq summasini hisoblab chiqarish chogʻida bitimning bozor narxini soliq solish maqsadida mustaqil ravishda qoʻllash huquqini, agar bu narx haqiqiy narxdan farq qilsa va ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, cheklamaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi transfert narxni belgilashda soliq nazorati doirasida, ushbu boʻlimda nazarda tutilgan tartibda quyidagi soliqlarning toʻliq hisoblab chiqarilishi va toʻlanishini tekshiradi: 1) foyda soligʻini; 2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini; 3) yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqni; 4) qoʻshilgan qiymat soligʻini; 5) aksiz soligʻini. Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqqa oid qismi boʻyicha transfert narxni belgilash chogʻidagi soliq nazorati, agar bitimning taraflaridan biri mazkur soliqni soliq toʻlovchisi boʻlsa hamda qazib olinishi chogʻida soliq solish advalor soliq stavkasi boʻyicha amalga oshiriladigan foydali qazilma bitimning predmeti boʻlsa, amalga oshiriladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻiga oid qismi boʻyicha transfert narxni belgilash chogʻidagi soliq nazorati, agar bitimning taraflaridan biri tegishli soliq toʻlovchisi boʻlmagan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor boʻlsa, amalga oshiriladi. Transfert narxni belgilash chogʻidagi soliq nazorati maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining bunday ishtirokchi boʻlmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlariga nisbatan ham amalga oshirilishi mumkin. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati natijasida ushbu moddaning yettinchi — oʻninchi qismlarida koʻrsatilgan soliq summalari kamaytirilganligi yoki zararning summasi koʻpaytirilganligi aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tegishli soliq bazasiga va (yoki) soliq summasiga tuzatishlar kiritishni amalga oshiradi. [Barcha moddalar](https://huquqtech.uz/qonun/SK)