SK · 204-modda

204-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasini soliq solishdan ozod qilish

Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar ushbu chet el kompaniyasiga nisbatan quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilsa, ushbu modda qoidalari hisobga olingan holda, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi:

1) u oʻzi tashkil qilingan chet davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq notijorat tashkiloti boʻlib, olingan foydani (daromadni) aksiyadorlar (ishtirokchilar, taʼsischilar) yoki boshqa shaxslar oʻrtasida taqsimlamaydigan boʻlsa;

2) u aktiv chet el kompaniyasi yoki aktiv chet el xolding kompaniyasi boʻlsa;

3) ushbu chet el kompaniyasi uchun daromadlarni (foydani) bunday kompaniya doimiy joylashgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliyaviy yil uchun moliyaviy hisobot tuziladigan davr yakunlari boʻyicha ushbu Kodeksning 207-moddasiga muvofiq aniqlanadigan soliq solishning samarali stavkasi ushbu Kodeksning 337-moddasi 12-bandida koʻrsatilgan foydadan olinadigan soliq stavkasi miqdoridan kam boʻlmagan miqdorni tashkil etsa;

4) u chet davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq bank yoki sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya yoxud boshqa maxsus ruxsatnoma asosida faoliyat yuritadigan bank yoki sugʻurta tashkiloti boʻlsa.

Ushbu modda birinchi qismining 2-bandida koʻrsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar bunday chet el kompaniyasi doimiy joylashgan davlat (hudud) ushbu Kodeksning 181-moddasi uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan ofshor yurisdiksiyalar roʻyxatiga kiritilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.

Ushbu moddaning birinchi qismi 3 va 4-bandlarida koʻrsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar Oʻzbekiston Respublikasi bilan soliq solish masalalari boʻyicha xalqaro shartnomasi mavjud boʻlgan davlat (hudud) bunday chet el kompaniyasi doimiy joylashgan yer boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.

Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini aktiv chet el kompaniyasi yoki aktiv chet el xolding kompaniyasi deb eʼtirof etish qoidalari ushbu Kodeksning 205-moddasida belgilanadi.

Foyda soligʻi boʻyicha daromadga (foydaga) soliq solishning samarali stavkasini hisob-kitob qilish qoidalari ushbu Kodeksning 207-moddasida belgilanadi.

Aktiv chet el xolding kompaniyasining foydasi ushbu Kodeksning 205-moddasida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi — bunday aktiv chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs uchun soliq solishdan ozod qilinadi. Mazkur aktiv chet el xolding kompaniyasining foydasi Oʻzbekiston Respublikasining ushbu yuridik shaxsida — ushbu aktiv chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxsda bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi ushbu chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi boshqa shaxslarda ham ozod qilinadi. Ushbu foyda bunday shaxslarning mazkur nazorat qiluvchi shaxsda ishtirok etish ulushiga muvofiq miqdorda soliq solishdan ozod qilinadi.

Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini foyda soligʻi solishdan ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan asoslarga koʻra ushbu Kodeksga muvofiq ozod qilish huquqi hujjat bilan tasdiqlanishi kerak. Mazkur huquqni tasdiqlash uchun ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs boʻlgan soliq toʻlovchi oʻzi hisobga olingan joydagi soliq organiga bunday soliqdan ozod qilish shartlariga rioya qilinishini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi. Bu hujjatlar ushbu Kodeksning 209-moddasi ikkinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatda taqdim etiladi va uning nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishdan ozod qilish huquqini beruvchi shartlarga rioya etilishini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan qismi davlat tiliga tarjima qilinishi lozim.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.